Iqtisodiyot

O‘zbekistonda tiklangan hududiy aerodromlarni biznesga ijaraga berish rejalashtirilmoqda

115 kg gacha bo‘lgan apparatlarni ro‘yxatdan ozod qilish va uchuvchilar uchun Cadet Program dasturini boshlash taklif etilgan.

Shahrisabz aeroporti terminali va samolyot, arxiv surati

O‘zbekistonda foydalanishdan chiqarilgan hududiy aerodromlarni tiklash va obodonlashtirilgach tadbirkorlarga ijaraga berish rejalashtirilmoqda, bu faol turizmni rivojlantirish loyihasidan ma’lum bo‘ldi.

Obyektlardan biznes vakillari va tashabbuskor loyihalar foydalanishi mumkin. Ular yonidagi bino va inshootlarni ham faol turizm bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etish uchun tadbirkorlar hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga ijaraga berish taklif qilinmoqda.

Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligini kichik aviatsiya sohasidagi davlat regulyatori etib belgilash taklif qilingan. Agentlik havo kemalarini ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlash, texnik xizmat, mutaxassislar tayyorlash hamda parvozlar xavfsizligini nazorat qilish uchun javob beradi.

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti talablari bo‘yicha sertifikatlangan, maksimal uchish og‘irligi 5 700 kg gacha bo‘lgan samolyotlar va 2 250 kg gacha bo‘lgan vertolyotlar uchun alohida qoidalar ishlab chiqiladi.

Transport vazirligi uch oy ichida kichik aviatsiyani ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash va texnik ko‘rikdan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartibini tayyorlashi kerak. Olti oy ichida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni majburiy sug‘urtalash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Yo‘l xaritasida og‘irligi 115 kg gacha bo‘lgan apparatlarni majburiy ro‘yxatdan ozod qilish, «Havaskor aviatsiya» toifasini hamda U-space, G-space va W-space havo zonalarini joriy etish nazarda tutilgan.

Shuningdek, «Kichik aviatsiya» elektron platformasini yaratish va kichik aviatsiya uchuvchilari zaxirasini tayyorlash uchun Cadet Program dasturini boshlash taklif qilingan. Hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Denis KhabibullinКорреспондент