Shavkat Mirziyoyev 2026-yilning o‘zidayoq iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi sun’iy intellekt loyihalari sonini 100 tadan oshirishni topshirdi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti rasmiy sayti.
So‘nggi yillarda mamlakat sun’iy intellektni joriy etishga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 25 pog‘ona ko‘tarilib, 62-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston 2030-yilgacha kuchli 50 talikka kirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, sun’iy intellekt asosidagi dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, infratuzilmani kengaytirish hamda 200 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Iyul oyida “Raqamli hukumat” ma’lumotlar markazida NVIDIA texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirildi. Bir oy ichida klaster yuklamasi 90 foizga yetdi, quvvati bo‘yicha esa u jahon reytingida 321-o‘rinni egalladi.
Ishga tushirilgan hisoblash infratuzilmasining qiymati 24 million dollarni tashkil etadi. Amaldagi klasterni kengaytirishga yana 70 million dollar yo‘naltirish taklif qilindi; Qoraqalpog‘istonda xorijiy investorlar bilan birga alohida ma’lumotlar markazlari yaratilmoqda.
2026-yilda sun’iy intellekt bilan ishlaydigan IT Park rezidentlari soni 300 taga yetishi kutilmoqda. Ularning xizmatlari hajmi 2 trillion so‘mga, eksporti esa 160 million dollarga yetishi kerak.
Sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus sertifikatlarni 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchi oldi. Hukumat ikki yil ichida “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasini to‘liq amalga oshirish va o‘quvchilar, talabalar hamda o‘qituvchilar uchun materiallar tayyorlashni rejalashtirmoqda.








