Samsung 201 gramm og‘irlikdagi Galaxy Z Fold8 buklanadigan smartfonini taqdim etdi, bu haqda kompaniya rasmiy e’lonida ma’lum qildi. Model Galaxy Z Fold turkumidagi eng yengil qurilma bo‘ldi.
Korpus qalinligi buklangan holatda 9,7 mm, ochilgan holatda esa 4,5 mm. Tashqi ekran 5,5 dyuymli va taxminan 10:16 formatda, ichki ekran esa 7,6 dyuymli hamda 4:3 nisbatda. Har ikki displey 120 Gts gacha yangilanish tezligi va 3000 nitgacha eng yuqori yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Smartfon Snapdragon 8 Elite Gen 5 for Galaxy protsessori, Android 17 va One UI 9 interfeysida ishlaydi. 12/256 GB, 12/512 GB va 16 GB/1 TB konfiguratsiyalari taklif etiladi.
Orqa panelda ikkita 50 megapikselli kamera bor: ikki karra optik sifatdagi zumga ega keng burchakli va ultra keng burchakli kamera. Tashqi hamda ichki ekranlardagi old kameralar 10 megapikselli.
Odatdagi sig‘imi 4800 mA·soat bo‘lgan batareya 45 Vt simli, 20 Vt simsiz va teskari simsiz quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma 5G, Wi‑Fi 7, Bluetooth 6.0 hamda IP48 himoya darajasiga ham ega.
Galaxy Z Fold8 Graphite, Cream va Lavender ranglarida chiqariladi, Pistachio rangi esa Samsung.com orqali sotiladi. Kompaniya Fold8 Ultra va Flip8 modellarini ham taqdim etdi.
Sun’iy intellekt tobora mustaqilroq ishlay boshlagani sari, mobil qurilmalar har bir foydalanuvchini tushunadigan va unga moslashadigan tajribalarga eng shaxsiy kirish nuqtasiga aylanadi. Buklanadigan qurilmalar uchun yangi standart belgilab, biz premium mobil tajribani yana rivojlantiryapmiz va intellektual texnologiyalarning keyingi davrini ko‘proq odamlarga ochyapmiz — TM Roh, Samsung Electronics bosh ijrochi direktori, prezidenti va Device eXperience (DX) bo‘linmasi rahbari








