Texnologiyalar

O‘zbekistonda 1,5 mln kishi sun’iy intellekt bo‘yicha sertifikat oldi

“Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasini ikki yilda to‘liq amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni rivojlantirish taqdimotida

O‘zbekistonda 1,5 milliondan ortiq foydalanuvchi sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus sertifikat oldi, deya xabar berildi prezident saytida.

Alohida kurslarda 900 nafar rahbar, 3 mingdan ortiq davlat xizmatchisi, 1 ming nafar bank xodimi va sun’iy intellekt masalalari bo‘yicha 200 nafar maslahatchi tahsil oldi.

Kelgusi ikki yil ichida “Besh million sun’iy intellekt yetakchisi” loyihasini to‘liq amalga oshirish vazifasi qo‘yildi. Maktab o‘quvchilari, talabalar, o‘qituvchilar va aholining boshqa qatlamlari uchun zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar ishlab chiqiladi.

Nukus, Samarqand, Termiz, Buxoro, Farg‘ona, Andijon, Guliston va Jizzaxda sohaviy xakaton hamda tanlovlar o‘tkazildi. Bunday tadbirlarni barcha hududlarda tashkil etish topshirildi, shuningdek, eng yaxshi sun’iy intellekt startapi tanlovi boshlandi.

500 nafar nomzod orasidan viloyat, tuman va shahar hokimlarining sun’iy intellekt masalalari bo‘yicha 222 nafar maslahatchisi tanlab olindi. Ularning faoliyati, loyihalari va tashabbuslarini kuzatish uchun alohida raqamli platforma ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

2026-yilda iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi sun’iy intellekt loyihalari sonini 100 tadan oshirish rejalashtirilgan. Sohadagi IT Park rezidentlari soni 300 taga, xizmatlar hajmi 2 trln so‘mga, eksport esa 160 mln dollarga yetishi kutilmoqda.

Aziz HamrayevШеф-редактор