NEC 1-avgust kuni faqat sun’iy intellekt agentlari ishlaydigan Corporate AI & Workforce Division bo‘limini ishga tushirdi, deb xabar berdi Electronics Weekly.
Tuzilmaga alohida rollarga ega 17 ta agent kiritildi. Ular orasida bo‘lim rahbari, kengash, menejerlar va ijrochilar bor.
Bo‘limning birinchi vazifasi rahbariyat yig‘ilishlari uchun kompaniya miqyosidagi tahliliy materiallar, simulyatsiyalar va xavflar haqida erta ogohlantirishlarni tayyorlash bo‘ldi.
Agentlar moliyaviy ko‘rsatkichlar, investitsiyalar rentabelligi va xarajatlar dinamikasini ham tahlil qiladi. Keyinchalik NEC savdo strategiyalarini ishlab chiqish uchun mijozlar ma’lumotlari tahlilini qo‘shishni rejalashtirmoqda.
Raqamli menejerlar boshqa bo‘limlarning so‘rovlariga mos yangi agentlarni yaratishi, ishni taqsimlashi va sifatni kuzatishi mumkin. Ijrochilarning harakatlarini turli rollardagi bir nechta agent ham tekshiradi.
Barcha jarayonlar raqamli jurnalga yoziladi va insonlar ularni istalgan payt tekshira oladi. Yakuniy baholash, muhim qarorlar va boshqaruv NEC xodimlarida qoladi.








