Texnologiyalar

Lotus yengillashtirilgan Emira 420 Sport’ni taqdim etdi

Model takomillashtirilgan aerodinamika, yaxshiroq sovitish tizimi va taxminan £105 ming narxga ega.

Lotus Emira 420 Sport sportkari

Britaniyaning Lotus kompaniyasi to‘rt silindrli Emira’ning yengillashtirilgan va unumdorligi oshirilgan Emira 420 Sport kupesini taqdim etdi.

Muhandislar old havo kirish teshiklarini kengaytirdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu dvigatelni sovitish samaradorligini 15% oshirgan. Old qanotlardagi teshiklar g‘ildirak arkalaridagi turbulent havoni chiqarishga xizmat qiladi.

300 km/soat tezlikda aerodinamik elementlar havo qarshiligi oshmasdan qariyb 25 kg qo‘shimcha bosim kuchini hosil qilishi aytilmoqda. Trek uchun tormozlarni sovitish panellari va radiatorlarga havo oqimini kuchaytirish maqsadida old raqamni yechish imkoniyati ko‘zda tutilgan.

Model Lotus’ning Hetheldagi zavodida tashkil etilgan yangi Performance Hub bo‘linmasida yig‘iladi. Markaz boshqa avtomobil kompaniyalariga ham ishlab chiqarish quvvati va muhandislik tajribasini taklif etishni rejalashtirgan.

Emira 420 Sport’ning taxminiy narxi £105 ming. Yetkazib berish boshlanishi va alohida bozorlardagi mavjudlik muddatlari ochiqlanmagan.

Rustam AbduazizovРедактор