Texnologiyalar

Google Cloud tushumi 82 foizga oshib, $24,8 mlrdga yetdi

Alphabetning choraklik tushumi $119,8 mlrdga yetdi, Gemini foydalanuvchilari soni esa 950 mln nafarga chiqdi.

Google kompaniyasining Eemshavendagi ma’lumotlar markazi, illyustrativ surat

Google Cloud tushumi 2026-yilning ikkinchi choragida bir yil oldingiga nisbatan 82 foizga oshib, $24,768 mlrdga yetdi. Bu haqda Alphabetning rasmiy hisobotida aytilgan.

Bulutli xizmatlar bo‘linmasining operatsion foydasi $2,826 mlrddan $8,814 mlrdgacha ko‘paydi. Google Cloud xolding choraklik tushumining beshdan biridan ko‘prog‘ini ta’minladi.

Alphabetning umumiy tushumi $119,796 mlrdga yetib, yillik hisobda 24 foizga oshdi. Operatsion foyda 30 foizga ko‘payib, $40,770 mlrdni tashkil etdi.

Sof foyda $28,196 mlrddan $112,193 mlrdgacha oshdi, biroq bu sakrashning asosiy qismi bulutli xizmatlardan kelmadi. Kompaniya $97,983 mlrd boshqa daromadni, jumladan qarz va ulushli qimmatli qog‘ozlardan $99,031 mlrd sof foydani qayd etdi.

Google Services tushumi $94,540 mlrdni tashkil etib, bir yil ichida 15 foizga oshdi. Alphabet Gemini ilovasining oylik faol foydalanuvchilari 950 mln nafarga yetganini, Gemini modellari esa bir daqiqada 22 mlrd API tokenini qayta ishlayotganini ham ma’lum qildi.

Rustam AbduazizovРедактор