Palo-Altodagi Glow startapi A seriyali raundda $180 mln jalb qildi va $1,2 mlrdga baholandi. Kompaniya korporativ qurilmalarni himoya qilish platformasini ishlab chiqmoqda.
Raundda Sequoia Capital, Cyberstarts, Greenoaks va Redpoint Ventures qatnashdi. Mablag‘lar xodimlarning noutbuklari, serverlari va boshqa ulangan qurilmalari uchun xavfsizlik tizimini rivojlantirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Platforma dasturiy ta’minot, sun’iy intellekt agentlari va dasturchilar vositalarini kuzatadi, xavflarni real vaqtda baholaydi hamda korporativ siyosatlarga rioya etilishini nazorat qiladi. E’lon qilingan funksiyalar orasida zararli npm-paketlarni bloklash va shubhali sun’iy intellekt faolligini aniqlash bor.
Glow’ga Meta sobiq vitse-prezidenti Roy Tiger, Snowflake kiberxavfsizlik strategiyasi rahbari Omer Singer va Claroty tadqiqot rahbari Ofir Arie asos solgan. Kompaniya CrowdStrike, Microsoft va SentinelOne bilan raqobatlashmoqchi.
Ishlab chiquvchilar an’anaviy mahsulotlar ko‘pincha yuz bergan tahdidni aniqlashga e’tibor qaratishidan farqli ravishda, hujumning korporativ tarmoqqa kirishidan oldin uning oldini olishga urg‘u bermoqda. Glow tijoriy ko‘rsatkichlarini hozircha oshkor qilmagan.








