Jamiyat

Toshkentda gumondor $30 ming olayotganda ushlandi

Erkak Chilonzordagi qurilishga qarshi aholini ko‘ndirish va’dasi evaziga $360 ming talab qilganlikda gumon qilinmoqda.

Toshkentdagi tezkor tadbir

Toshkentda 1977-yilda tug‘ilgan erkak tadbirkordan qurilish mojarosini hal qilish bahonasida pul olishga urinishda gumon qilinib ushlandi.

Tezkor tadbirni Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar organlari va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari o‘tkazdi. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, gumondor $30 ming avans olayotganda ushlangan.

Ta’kidlanishicha, erkak jami $360 ming talab qilgan. Evaziga u Chilonzor tumani aholisini 37 sotix yerda xususiy bolalar bog‘chasi va maktab qurilishiga qarshilikni to‘xtatishga ko‘ndirishni va’da qilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda, ushlangan shaxsning aybdorligini sud belgilaydi.

Rustam AbduazizovРедактор