Toshkentda may va iyun oylarida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan 120 ta avtobus bekatining birortasi bo‘yicha qabul dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan, deya xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi.
Shahar dasturi 1 785 ta bekatni modernizatsiya qilishni nazarda tutadi. Yer uchastkalari va obyektlar E-auksion orqali ijaraga beriladi, rekonstruksiya hamda yangi pavilyonlarni o‘rnatish xarajatlarini esa savdo g‘olibi qoplaydi.
Ewi Snacks kompaniyasi 2025–2026-yillardagi auksionlarda 266 ta mavjud bekat bo‘yicha g‘olib bo‘lgan va yana 230 ta ijtimoiy bekat qurish majburiyatini olgan. Toshkent shahar hokimligi bilan tuzilgan bitimga ko‘ra, barcha ishlar 2026-yil oxirigacha yakunlanishi kerak.
Birinchi bosqich 60 ta ijaraga olingan va 60 ta ijtimoiy bekatni qamrab olgan. Tekshiruv ko‘plab joylarda qurilish-montaj ishlari tugallanmagani va zarur uskunalar o‘rnatilmaganini ko‘rsatdi; hech bir obyekt uchun qabul dalolatnomasi tuzilmagan.
Agentlik hokimlikka shartnoma ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishni ko‘rsatdi. Raqobatni kengaytirish uchun keyingi auksionlarni tumanlar bo‘yicha alohida lotlarda o‘tkazish tavsiya etildi.








