Toshkent hokimligi poytaxtdagi uchta jamoat makoni loyihasini taqdim etdi, deya xabar berildi shaharning rasmiy portalida.
Hovlilardagi bolalar va sport maydonchalariga xavfsiz qoplamali jihozlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Konstruksiyalar uzoq muddat xizmat qilishi hamda imkoniyati cheklangan bolalar va kattalar uchun qulay bo‘lishi kerak.
Yunusobod tumanidagi Yangishahar va Amir Temur ko‘chalarining ayrim qismlarida 24/7 formatidagi hududni yaratish ishlari davom etmoqda. Loyiha piyodalar hududlari, xizmat ko‘rsatish obyektlari, yoritish, ko‘kalamzorlashtirish va xavfsizlik choralarini qamrab oladi.
Hudud ko‘zdan kechirilgach, mas’ul xizmatlarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari va muddatlari belgilandi. Shahar portali ishlar qachon yakunlanishini aniq ko‘rsatmagan.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi yonidagi hududni ochiq jamoat bog‘iga aylantirish ishlari boshlandi. U yerda panjaralar olib tashlanib, qulay kirish joylari va yagona piyoda yo‘llari tarmog‘i yaratiladi.
Bog‘ loyihasida to‘siqsiz muhit, yashil hududni saqlash, zamonaviy yoritish, navigatsiya va xavfsizlik vositalari ham nazarda tutilgan.








