O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rejali gemodializ muolajasini oladigan bemorlarning qatnov xarajatlarini davlat budjetidan qoplashni taklif qildi.
Bemorlar tibbiyot muassasasiga borish va qaytish uchun transportni mustaqil tanlay oladi. Taklifda taksi, shaxsiy avtomobil va boshqa qulay transport turlari ko‘rsatilgan.
Yo‘l xarajatlarini belgilangan tartibda qoplash rejalashtirilmoqda. Vazirlikka ko‘ra, bu mexanizm bemorlarning vaqti va mablag‘ini tejashiga hamda bitta transport turiga bog‘lanib qolmasligiga yordam beradi.
Tashabbusni joriy etishdan oldin vazirlik bemorlarning fikrini o‘rganmoqda. So‘rov 15-avgustgacha davom etadi, takliflar esa mexanizmni ishlab chiqishda hisobga olinishi rejalashtirilgan.
Tashabbus hozircha taklif maqomida. E’lon qilingan xabarda kompensatsiya tartibi, to‘lov miqdori va ishga tushirish sanasi ko‘rsatilmagan.








