Oliy Majlis Senati Oila kodeksining 69-moddasiga bolaning familiyasini belgilashning yangi usulini qo‘shadigan qonunni ma’qulladi, deya parlament yuqori palatasi xabar berdi.
Hozir bolaning familiyasi ota-onasining familiyasiga ko‘ra belgilanadi. Milliy an’analarga muvofiq, ota yoki onaning qarori bilan bolaga bobosining ismini familiya sifatida berish ham mumkin.
Ma’qullangan o‘zgartirish ota-onalarga bola uchun bevosita otasining ismidan hosil qilingan familiyani tanlash imkonini beradi. Bu amaldagi variantlarni to‘ldiradi.
Senatorlar o‘zgarish fuqarolarning istaklari, shuningdek, milliy va diniy an’analarni hisobga olishga xizmat qilishini ta’kidladi. Qonun Senatning 18-yalpi majlisidagi muhokamadan so‘ng ma’qullandi.








