Jamiyat

Qorasuv kanalining to‘qqiz kilometri 32 mlrd so‘mga obodonlashtiriladi

Birinchi qism ochildi, loyiha esa 150 ta ish o‘rni yaratishi kutilmoqda.

Toshkent viloyatidagi obodonlashtirilgan Qorasuv kanali bo‘yi

O‘rtachirchiq tumanida Qorasuv kanali bo‘yidagi to‘qqiz kilometrlik hudud 32 mlrd so‘mga obodonlashtiriladi, deya O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi xabar berdi.

Ishlar 2025-yilda boshlangan va ikki bosqichga bo‘lingan. Tinchlik hamda Qorasuv mahallalari orasidagi 1,6 kilometrlik birinchi qism allaqachon yakunlangan.

Tayyor qismda piyodalar yo‘laklari, favvora, vorkaut maydonchalari, akvapark va ko‘prik ostidagi tunnel barpo etildi. Shuningdek, manzarali daraxtlar ekildi, o‘rindiqlar o‘rnatildi hamda ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obyektlari qurildi.

Ikkinchi bosqich Qorasuv, Rovotak va Fayzobod mahallalaridan o‘tadi. Bu yerda ko‘ngilochar, rekreatsiya va gastronomik ko‘chalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Hududdagi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari soni oltitaga yetkaziladi. Hokimiyat hisob-kitobiga ko‘ra, ular 150 ta ish o‘rni yaratadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni qirg‘oqbo‘yining yakunlangan qismini ko‘zdan kechirdi. Xabarda ikkinchi bosqichni tugatish muddati ko‘rsatilmagan.

Rustam AbduazizovРедактор