Jamiyat

O‘zbekistondagi oilalarga uy ta’miri uchun 61,8 mln so‘mgacha beriladi

Yordam yong‘in va tabiiy ofatlardan zarar ko‘rgan oilalarga shartlar asosida beriladi.

Yong‘indan zarar ko‘rgan turar joy

O‘zbekistonda yong‘in, suv toshqini, zilzila yoki boshqa favqulodda vaziyat oqibatida uyi zarar ko‘rgan oilalar ta’mirlash uchun mablag‘ olishi mumkin.

Yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga, shuningdek, har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalarga beriladi. Hozirgi 715 ming so‘mlik ko‘rsatkich bo‘yicha chegara har bir kishi uchun 1,43 million so‘mni tashkil etadi.

To‘lov miqdori uyga yetgan zarar darajasiga bog‘liq bo‘lib, 150 bazaviy hisoblash miqdorigacha — 61,8 million so‘mgacha yetishi mumkin. Zarurat tug‘ilsa, yordam bir necha marta berilishi mumkin.

Zarar hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak. Yong‘indan keyin Davlat xizmatlari markazidan ma’lumotnoma, suv toshqini, zilzila yoki boshqa tabiiy ofatdan keyin esa zararni baholash bo‘yicha ishchi guruh dalolatnomasi talab etiladi.

Ta’mirlash xarajatlari “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamg‘armasi orqali qoplanishi, ishlar tuman obodonlashtirish boshqarmasi yoki Mahalla servis kompaniyasiga topshirilishi mumkin. Oila ta’mirni o‘zi bajarib, qurilish materiallari uchun tayinlangan yordamning 85 foizigacha vaucher ham olishi mumkin.

Yordamni rasmiylashtirish uchun “mahalla yettiligi”ga murojaat qilish kerak. U uy-joyni ko‘zdan kechiradi, hujjatlarni tayyorlaydi va zarar miqdorini belgilaydi, shundan so‘ng yordam ajratish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Rustam AbduazizovРедактор