O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda laboratoriya sinovlarini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi, deya Adliya vazirligi xabar berdi.
Nizom 2026-yil 20-iyulda 3904-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. U bajarilgan ishlarning yo‘l qurilishi sohasidagi texnik talablarga muvofiqligini tekshirishni tartibga soladi.
Pudratchi o‘z laboratoriyasida ishlar sifatini doimiy nazorat qilishi kerak. Bunday laboratoriya bo‘lmasa, sinovlar shartnoma asosida jalb etilgan tashkilot orqali o‘tkaziladi.
Buyurtmachi qabul qilinayotgan ishlarning hajmi va sifatini tekshirish uchun akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyani jalb qilishi mumkin. U davlat xaridlari haqidagi qonunchilikka muvofiq tanlanadi.
Shu bilan birga, buyurtmachiga nazoratni pudratchi laboratoriyasiga yoki pudratchi avval jalb qilgan tashkilotga topshirish taqiqlandi. Bu talab qabul nazoratini ish ijrochisidan ajratadi.








