O‘zbekistonda 7-avgustdan uy va qishloq xo‘jaligi hayvonlarini majburiy identifikatsiya qilish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi amal qilmoqda.
Har bir hayvonga birka, mikrochip yoki boshqa belgi orqali yagona raqam beriladi. Hayvon va uning egasi haqidagi ma’lumotlar Yagona davlat reyestriga kiritiladi.
Ro‘yxatdan o‘tkazish muddati hayvon turi va yoshiga bog‘liq:
- qoramol, qo‘y, echki va tuyalar — tug‘ilganidan keyin 14 kun ichida;
- cho‘chqalar — bir oylikdan;
- it va mushuklar — uch oylikdan;
- otlar — to‘rt oylikdan;
- xorijdan olib kirilgan hayvonlar — olib kirilganidan keyin 21 kundan kechiktirmay.
Belgilangan yoshga yetganidan keyin egasiga ro‘yxatdan o‘tkazishni yakunlash uchun bir oy beriladi. Tizim veterinariya nazorati, yuqumli kasalliklarning oldini olish va hayvonlar harakatini hisobga olishni kuchaytirishi kerak.
Hayvon nobud bo‘lsa, so‘yilsa, xorijga olib chiqilsa yoki sotilsa, u yetti kun ichida hisobdan chiqarilishi kerak.
2028-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish taqiqlanadi.








