Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi yangi qonun yo‘llarni foydalanish tartibiga ko‘ra bepul va pullik turlarga ajratdi, bu haqda Adliya vazirligining huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Pullik yo‘l faqat ayni aholi punktlari o‘rtasida xavfsizlik talablariga javob beradigan va transport harakati uchun yaroqli bepul yo‘nalish mavjud bo‘lsa joriy etilishi mumkin.
Pullik avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qarorlarni prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qabul qiladi. To‘lov butun yo‘nalishda yuqori harakat tezligi va xizmat ko‘rsatilishi ta’minlangandagina undirilishi mumkin.
Haydovchi pullik yo‘l operatori bilan shartnomani yo‘lga kirishda, to‘lov punktida haq to‘lash yoki yo‘l talonini sotib olish orqali tuzishi mumkin.
Vazifasiga ko‘ra yo‘llar uch guruhga bo‘lindi: umumiy foydalanishdagi yo‘llar, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari hamda xo‘jalik avtomobil yo‘llari.
Umumiy foydalanishdagi yo‘llar davlat mulki bo‘lib qoladi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufida bo‘ladi. Qo‘mita sohadagi maxsus vakolatli organ etib belgilandi.
Yirik o‘lchamli va og‘ir vaznli transport faqat vakolatli organ yoki uning hududiy bo‘linmasi bergan maxsus ruxsatnoma bilan yo‘llarda harakatlanishi mumkin.
Ajratilgan mintaqaning eng kam kengligi I toifadagi yo‘llarda 80 metr, II toifada 60 metr, III va IV toifalarda 40 metr hamda V toifada 25 metr etib belgilandi. Qonun 5-avgustda kuchga kirdi; yo‘llarni saqlash va ta’mirlash ularning egalari zimmasiga yuklandi.








