Jamiyat

O‘zbekistonda 350 ga yaqin ekologik huquqbuzarlik aniqlandi

Holatlarning aksariyati chiqindilar bilan bog‘liq; daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlash holatlari ham qayd etilgan.

Toshkentdagi piyodalar yo‘lagi yonida qoldirilgan chiqindilar

Obodonlashtirish oyligi davomida O‘zbekistonda tabiatni muhofaza qilish qonunchiligining 350 ga yaqin buzilishi aniqlandi, deya xabar berdi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi.

Ekopolitsiya va hududiy bo‘linmalar daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlash bo‘yicha 62 ta holatni qayd etdi. Qoidabuzarlarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi asosida jarima qo‘llanib, atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori ham hisoblandi.

Faqat 3-avgust kuni Buxoro, Samarqand, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida beshta shunday holat aniqlandi.

Chiqindilar bilan muomala qilish qoidalarini buzganlik uchun esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi asosida 285 ta ma’muriy chora qo‘llandi.

3-avgust kuni Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida, shuningdek poytaxtda 17 ta shunday qoidabuzarlik qayd etildi.

Daraxtlarni noqonuniy kesish, ularga zarar yetkazish, shuningdek chiqindilar bilan muomala qilish qoidalariga rioya etmaslik atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazadi va qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘ladi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Tekshiruvlar mamlakat bo‘ylab davom etmoqda. Qo‘mita ularni yashil hududlarni asrash, aholi punktlari tozaligini saqlash va ekologik madaniyatni oshirish bilan bog‘lamoqda.

Rustam AbduazizovРедактор