O‘zbekiston va Xitoy cho‘llanishga qarshi kurashish hamda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishdi, deya O‘zbekiston Ekologiya milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Uchrashuv Markaziy Osiyo ekologiya va atrof-muhitni o‘rganish markazida o‘tkazildi. Unda prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Aziz Abduhakimov, O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhitdinov, Ichki Mo‘g‘uliston vakillari, olimlar va xalqaro ekspertlar qatnashdi.
Tomonlar o‘rmon va yaylovlarni tiklash, o‘rmonzorlar maydonini kengaytirish, ko‘chat materiallari yetishtirish hamda tabiiy resurslarni boshqarishda ilmiy va raqamli yechimlardan foydalanishni muhokama qildi.
Xitoy delegatsiyasi Ichki Mo‘g‘ulistonda ekologik himoya to‘sig‘ini yaratish tajribasi va degradatsiyaga uchragan ekotizimlarni tiklash natijalarini taqdim etdi.
Ishtirokchilarga Xitoyning “Uch shimoliy himoya o‘rmon kamari” loyihasi va qurg‘oqchil hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga bag‘ishlangan “Yashil Ipak yo‘li: cho‘lda yangi hayot” filmi ham namoyish etildi.
M-Grass Ecology And Environment Group va Green University urug‘ hamda ko‘chat yetishtirish, yaylovlarni tiklash va ekologik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik bitimini imzoladi.








