Jamiyat

O‘zarxiv shaxsiy hujjatlarni davlat xizmatlari orqali berishni boshladi

Arizani onlayn topshirish, topilgan asl hujjatni arxivdan olish yoki kuryer orqali buyurtma qilish mumkin. Muddat — 10 ish kuni.

O‘zarxiv agentligi vakili yangi davlat xizmati bo‘yicha brifingda so‘zlamoqda

“O‘zarxiv” agentligi ma’lum qildi, fuqarolarga davlat arxivlaridan shaxsiy hujjatlarning asl nusxalarini olish imkonini beradigan davlat xizmati ishga tushirildi.

Xizmat tugatilgan tashkilotlardan arxivga topshirilgan hujjatlarga taalluqli. Ular qatoriga mehnat daftarchalari, shahodatnomalar, diplomlar va boshqa shaxsiy hujjatlar kiradi.

Arizani Davlat xizmatlari markazida yoki my.gov.uz portali orqali onlayn topshirish mumkin. So‘rov yuborish bosqichida arxivga shaxsan borish shart emas.

So‘rovnomada shaxsiy va aloqa ma’lumotlari, ism yoki familiya o‘zgargan bo‘lsa bu haqdagi ma’lumot, shuningdek hujjatlari arxivga tushgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan tashkilot yoki ta’lim muassasasi ko‘rsatiladi.

Topilgan asl hujjatni davlat arxividan olib ketish yoki ko‘rsatilgan manzilga kuryer orqali yetkazib berishni buyurtma qilish mumkin. Ariza 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Xizmat uchun yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari etib belgilangan. Kerakli hujjat arxivda bo‘lmasa, xizmat ko‘rsatish rad etilishi mumkin.

Hujjat egasi vafot etgan bo‘lsa, uning ota-onasi, eri yoki xotini va farzandlari murojaat qilishi mumkin. Qidiruv natijasi arizachiga axborot tizimi orqali yuboriladi.

Aziz HamrayevШеф-редактор