O‘zbekistonda ota-onalar va boshqa begona shaxslar maktab hududiga faqat nazorat-o‘tkazish joyi orqali, ma’muriyat ruxsati va uning vakili kuzatuvida kira oladi. Bu 31-iyuldagi 425-son Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan.
Tartib davlat maktablari, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlariga tatbiq etiladi. Maktabgacha ta’lim muassasalari hamda alohida idoraviy xavfsizlik standartlariga ega tashkilotlar bundan mustasno.
Dars vaqtida maktab hududi ichkaridan oson ochiladigan holda yopiq turishi kerak. Favqulodda vaziyat yoki tahdid bo‘lmasa, ta’lim jarayoni ishtirokchisi bo‘lmagan shaxslarning kirishi taqiqlanadi. Transport kirishi qat’iy cheklanadi: maxsus transport vositalari bundan mustasno, jihozlanmagan joylardan kirish esa taqiqlanadi.
Muassasalarda nazorat-o‘tkazish joylari tashkil etilib, kirishni avtomatlashtirilgan boshqarish tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinadi. O‘quvchilari soni 300 nafargacha bo‘lgan tashkilotlarda turniket o‘rnatishga ruxsat beriladi.
Davlat ta’lim muassasalari qo‘riqlash signalizatsiyasi va tashvish tugmalari bilan ham bosqichma-bosqich jihozlanadi. Ularni shartnoma asosida IIV huzuridagi Qo‘riqlash departamenti monitoring markaziga ulash rejalashtirilgan.
Perimetr, maydonlar va yo‘laklardagi kameralar qo‘riqlash postidagi saqlash qurilmasi va monitorga ulanadi. Xavfsizlik tizimlari uchun muassasaning amaldagi internetiga ta’sir qilmaydigan alohida aloqa kanali yaratiladi.
Hududlar va Toshkent shahri hokimliklari uch oy ichida serqatnov yo‘llar bo‘yidagi, atrofida YTH sodir bo‘layotgan ta’lim tashkilotlari yonida yashil piyodalar yo‘laklarini tashkil etishi va transport harakatini cheklashi kerak.








