Ohangaron tumanidagi reyd vaqtida Sibir tog‘ echkisi nimtasi qismlari sotilayotgani aniqlandi, deya Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi xabar berdi.
Tekshiruv Ekopolitsiya xodimlari va tuman ichki ishlar bo‘limi bilan birga “Ko‘ksaroy” mahallasida o‘tkazildi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy fuqaro hayvonni ruxsatsiz ovlagan.
Idora “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 32 va 33-moddalari hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 17, 23 va 27-moddalari buzilganini ko‘rsatdi.
Hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 6 mln 180 ming so‘m deb baholandi. Materiallar huquqiy baho berish va javobgarlik chorasi bo‘yicha qaror qabul qilish uchun sud organlariga yuborishga tayyorlanmoqda.








