Nurafshonda Toshkent viloyatidagi birinchi ijtimoiy himoya majmuasi ish boshladi, undagi xizmatlar «yagona darcha» tamoyili asosida tashkil etilgan, deb prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Majmua har yili Nurafshon, O‘rtachirchiq, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Bo‘ka tumanlaridan qariyb 10 ming kishiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Bu yerda qariyb 100 nafar mutaxassis ishlaydi.
Bitta binoda Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi, hududiy ijtimoiy inspeksiya, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi va hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi joylashtirildi.
Hududiy markaz aholining eng zaif qatlamlariga besh turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatadi. Bu ishlarga nodavlat sektorni ham jalb etish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyevga sun’iy intellekt yordamida nogironlikni aniqlash usuli va mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyatining yangi mexanizmlari taqdim etildi.
Prezident bunday hududiy markazlar sonini uch baravar oshirishni topshirdi. Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari sonini kamida 90 taga yetkazish, ularni ehtiyoj yuqori va transport qatnovi qulay tumanlarda joylashtirish rejalashtirilgan.








