Angliyada 40 yoshgacha bo‘lganlar, ayniqsa 20–29 yoshli ayollar orasida 2-tur diabetning yangi tashxislari tez ko‘paymoqda, buni London Imperial kolleji o‘tkazgan NHS ma’lumotlari tahlili ko‘rsatdi.
Tadqiqotchilar Angliyaning 2011–2024-yillardagi Milliy diabet auditi ma’lumotlarini o‘rgandi. Keksa yoshdagilar yangi holatlarning asosiy qismini tashkil etsa-da, ular orasidagi ko‘rsatkich biroz pasaymoqda.
NHS England hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakatda 30 yoshgacha bo‘lgan qariyb 12 ming kishi 2-tur diabet bilan yashaydi. Buyuk Britaniyadagi olti million diabet holatining taxminan 90 foizi shu turga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, tashxis qo‘yilgan paytdagi tana vazni indeksi yosh bemorlarda tezroq oshmoqda. 2019–2025-yillarda semizlikning yangi holatlari 20–29 yoshdagilar orasida 16 foizga, 30–39 yoshdagilar orasida esa qariyb 20 foizga ko‘paygan.
“Bizning fikrimizcha, yoshlarda og‘ir semizlikning ertaroq boshlanishi 2-tur diabet xavfini erta yoshda oshirmoqda va tashxis qo‘yiladigan yoshni pasaytirmoqda. Erta boshlangan 2-tur diabetning salbiy oqibatlarini hisobga olsak, bu jiddiy tashvish uyg‘otadi”, — yetakchi tadqiqotchi doktor Shivani Misra.
O‘sish faqat an’anaviy ravishda yuqori xavf guruhiga kiritilgan etnik jamoalarda kuzatilmayapti. Ma’lumotlar oq tanli aholi orasida ham kasallanish ko‘payayotganini ko‘rsatmoqda.
“Endi kasallanish oq tanli aholi orasida ham oshayotganini ko‘ryapmiz, bu esa jamoat salomatligi muammosi avlodlar bo‘ylab kengayayotganini ko‘rsatadi”, — doktor Shivani Misra.
Yoshlikda boshlangan 2-tur diabet og‘irroq kechishi hamda yurak xuruji va insult xavfini oshirishi mumkin. Erta tashxis uzoq muddatli a’zo shikastlanishi xavfini kamaytiradi; ayrim hollarda sog‘lom ovqatlanish va vaznni me’yorda saqlash orqali kasallikni remissiyaga kiritish mumkin.








