O‘zbekiston Migratsiya agentligi fuqarolarni H-2A dasturi orqali AQSHdagi mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga tayyorlash bo‘yicha Amerika rekruting kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi, deya agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar ish beruvchilar ehtiyojiga mos o‘quv dasturlarini ishlab chiqadi. Nomzodlar uchun ingliz tili kurslari va kasbiy tayyorgarlik tashkil etiladi.
Talabgorlarning amaliy ko‘nikmalari qo‘shma sertifikatlash tizimi doirasida baholanadi. Kelishuvda ishchilarni shaffof saralash va yuborish mexanizmlarini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Agentlik nomzodlarni saralaydi hamda ularni AQSH mehnat qonunchiligi va ish sharoitlari bilan tanishtiradi. Shuningdek, mavsumiy ishlar tugagach, fuqarolarning O‘zbekistonga o‘z vaqtida qaytishi nazorat qilinadi.
Amerikalik ish beruvchilarning dastlabki talablari va ro‘yxatdan o‘tish tartibi keyinroq “Xorijda ish” Telegram-kanalida e’lon qilinadi.








