Jamiyat

MAZ O‘zbekiston mutaxassislarini ishga olishni muhokama qildi

Zavodda 120 nafardan ortiq o‘zbekistonlik 800–1000 dollar maosh bilan ishlamoqda.

Minsk avtomobil zavodining ishlab chiqarish maydoni

Minsk avtomobil zavodi O‘zbekiston fuqarolarini ishga qabul qilish tartibini Migratsiya agentligi delegatsiyasi bilan muhokama qildi, deya idora xabar berdi.

Uchrashuvda agentlik direktori o‘rinbosari Elyor Toshtemirov, O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi vakillari va korxona rahbariyati qatnashdi. Tomonlar nomzodlar bilan suhbat o‘tkazish jarayonini ko‘rib chiqdi.

Yangi xodimlarni bevosita zavodda o‘qitish va ularni moslashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Delegatsiya MAZning ishlab chiqarish sexlari, oshxonasi, yotoqxonasi va boshqa ijtimoiy obyektlarini ko‘zdan kechirdi.

Hozir korxonada O‘zbekistonning 120 nafardan ortiq fuqarosi ishlamoqda. Ularning o‘rtacha maoshi 800 dollardan 1000 dollargacha ekani agentlik xabarida aytilgan.

Delegatsiya vakillari zavodda ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan ham uchrashdi. Ularga mehnat va migratsiya qonunchiligi talablari tushuntirildi; idora yangi vakansiyalar soni va ehtimoliy qabul muddatlarini ma’lum qilmadi.

Rustam AbduazizovРедактор