Vazirlar Mahkamasi Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi va sohani rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqladi. Bu 2026-yil 21-iyuldagi 396-son qarordan ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mita prezident va Vazirlar Mahkamasiga hisobdor bo‘lgan mustaqil respublika ijro etuvchi hokimiyat organi sifatida belgilandi. U oziq-ovqat xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalaridagi davlat siyosati hamda nazorat uchun javob beradi.
Idora 2027-yil 1-martgacha sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan yagona avtomatlashtirilgan platformani ishga tushirishi kerak. Platforma xavflarni boshqarish va xavfni baholashga asoslangan nazoratni tashkil etish uchun mo‘ljallangan, deb belgilangan 12-maydagi prezident qarorida.
Ushbu tizim xavfli mahsulotlar haqida aholini elektron tarzda ogohlantirishi ham kerak. Qo‘mita xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlar bo‘yicha ogohlantirish berish, ularni muomaladan olish, utilizatsiya qilish va yo‘q qilish vakolatiga ega.
Qo‘mita huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Oziq-ovqat xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Unga mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, xizmatlar, ekspertiza, litsenziyalash, ruxsat berish tartib-taomillari va ayrim nazorat to‘lovlaridan mablag‘ tushadi.
396-son qaror 22-iyul kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, kuchga kirdi. Qishloq xo‘jaligi va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga bir oy ichida o‘z normativ hujjatlarini yangi qoidalarga muvofiqlashtirish topshirildi.








