Hayvonlarni identifikatsiya qilish ular haqida aniq hisob yuritish va sog‘lig‘ini nazorat qilishga yordam beradi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Tizim odamlar va hayvonlar uchun xavfli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Vazirlik kuydirgi, quturish, brutsellyoz va exinokokkozni sanab o‘tdi.
Yuqumli kasallik aniqlansa, hisob ma’lumotlari orqali infeksiya manbai, kasallangan hayvonlar bilan aloqada bo‘lgan hayvonlar va xavfli hududlarni tezroq aniqlash mumkin bo‘ladi.
«Hayvonlarni identifikatsiya qilish — bu jarima tizimi emas, balki inson salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va xavfsiz chorvachilikni ta’minlashga qaratilgan muhim qadamdir», — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Hisob tizimi mahsulotlar kuzatuvchanligini ham ta’minlashi kerak: go‘sht va sutning kelib chiqishi, hayvonning sog‘lig‘i hamda veterinariya ko‘rigidan o‘tgani qayd etiladi.








