Jamiyat

Etihad Airways Abu-Dabi — Toshkent kunlik reyslarini boshladi

Birinchi Airbus A320 10-avgust kuni soat 02:05 da poytaxt aeroportiga qo‘ndi.

Toshkent aeroportida Etihad Airways ilk reysini kutib olish marosimi

Etihad Airways Abu-Dabi va Toshkent o‘rtasida har kungi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarni boshladi, bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Birinchi Airbus A320 10-avgust kuni soat 02:05 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Samolyot suv arkasi bilan, yo‘lovchilar va ekipaj esa gullar hamda milliy shirinliklar bilan kutib olindi.

Marosimda aviakompaniya, Uzbekistan Airports va BAAning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari qatnashdi. Qutlov nutqlaridan keyin yangi aviaqatnov ochilishi munosabati bilan lenta kesildi.

«Etihad Airways’ning O‘zbekiston bozoriga kirishi mamlakatimiz xalqaro havo qatnovini rivojlantirish uchun muhim voqeadir. Etihad Airways dunyoning yetakchi aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, Toshkentda bunday hamkorning paydo bo‘lishi yo‘lovchilar uchun yangi imkoniyatlar ochadi va O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya xaritasidagi mavqeini mustahkamlaydi. Abu-Dabi bilan har kungi to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnov nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik va sayyohlik aloqalarini rivojlantirish, balki yo‘lovchilarga mintaqaning yirik aviatsiya markazlaridan biri orqali keyingi safarlar uchun qulay imkoniyatlar yaratish imkonini beradi», — Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Etihad Airways Birlashgan Arab Amirliklarining milliy aviakompaniyasidir. Har kungi qatnov ikki poytaxt o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz va Abu-Dabi orqali ulanish imkonini beradi.

Aziz HamrayevШеф-редактор