O‘zbekistonda 10-avgust kuni «Toza havo» oyligining ikkinchi bosqichi boshlandi, deya xabar berdi Milliy ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi.
Tekshiruvlar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan birga YPX maskanlari, ko‘chalar, shuningdek, avtotransport korxonalarining kirish va chiqish joylarida o‘tkaziladi. Me’yordan ortiq chiqindi chiqaradigan avtomobillardan ta’mirlangunga qadar vaqtincha foydalanilmaydi.
Hududlarda ikkinchi bosqich 10-sentabrgacha davom etadi. Toshkentda tekshiruvlar alohida muddatda — 10-sentabrdan 10-oktabrgacha o‘tkaziladi.
10-apreldan 10-maygacha davom etgan birinchi bosqichda mutaxassislar 288 755 ta avtomobilni tekshirdi. 1 384 ta mashinada, ya’ni jami transport vositalarining 0,5 foizida ifloslantiruvchi moddalar me’yordan oshgani aniqlandi.
Qo‘pol qoidabuzarliklar uchun 446 nafar haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortildi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, tekshiruvlar atmosferaga 836 tonna ifloslantiruvchi modda chiqarilishining oldini oldi.
Qo‘mita tekshiruvlar jarayoni va natijalari haqidagi ma’lumotlarni OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib boradi.








