Jamiyat

Buxoro viloyatida tibbiyot oliygohiga kiritish uchun 26 mln so‘m olgan shaxs ushlandi

U Qozog‘istonda birinchi-uchinchi kurslarda o‘qiganlik haqidagi qalbaki hujjatlardan foydalanmoqchi bo‘lgan.

2 000 so‘mlik banknota

Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida abituriyentni tibbiyot yo‘nalishining to‘rtinchi kursiga kiritib qo‘yish evaziga 26 mln so‘m olayotgan shaxs ushlandi, deya Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Idora talqiniga ko‘ra, u boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, Qozog‘istondagi oliygohlardan birida birinchi-uchinchi kurslarda o‘qiganlik haqida qalbaki hujjatlar tayyorlashni taklif qilgan.

Gumon qilinuvchi yuqori lavozimlarda ishlaydigan tanishlari orqali Buxoro Innovatsion ta’lim va tibbiyot universitetining to‘rtinchi kursiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytgan.

U pulni olayotgan vaqtda ushlandi. Departament 26 mln so‘m ashyoviy dalil sifatida olinganini ma’lum qildi.

Jinoyat kodeksining 25 va 168-moddalari bo‘yicha firibgarlikka suiqasd hamda 28 va 211-moddalari bo‘yicha pora berishga dalolat qilish yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Rustam AbduazizovРедактор