Jamiyat

Adolat maktab va shifoxona binolarini sotishni taqiqlashni taklif qildi

Tashabbus chiqarilgan obyektlarni xatlovdan o‘tkazish va ayrim mol-mulkni davlatga qaytarishni ham nazarda tutadi.

Nukusdagi 1-sonli shahar sport maktabi binosi

Adolat sotsial-demokratik partiyasi maktablar, shifoxonalar hamda boshqa ta’lim va tibbiyot muassasalariga tegishli yerlar va binolarni sotish yoki xususiylashtirishni taqiqlashni taklif qildi.

Partiya tegishli qonun loyihasini ishlab chiqayotganini ma’lum qildi. Taqiqni bunday mol-mulkni begonalashtirishning boshqa shakllariga ham tatbiq etish va qoidani buzganlik uchun javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

Tashabbus maktablar va bolalar bog‘chalariga talab yuqoriligi bilan izohlandi. Adolat, ayniqsa yer narxi yuqori bo‘lgan Toshkentda, ta’lim va tibbiyot obyektlari yerlari savdoga chiqarilayotganini bildirdi.

Partiya misol sifatida 2020-yilda auksionsiz sotilgan 243-sonli maktab binosi, Borovskiy nomidagi sobiq tibbiyot kolleji hamda Nizomiy nomidagi universitetning elektron savdoga qo‘yilgan bino va yerlarini ko‘rsatdi.

Adolat hukumatga so‘nggi yillarda ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimi balansidan chiqarilgan mol-mulkni to‘liq xatlovdan o‘tkazishni ham taklif qildi. Qonunbuzarlik aniqlansa, qonunda nazarda tutilgan choralarni ko‘rish so‘ralmoqda.

Obyekt investitsiya kiritish sharti bilan sotilgan, biroq majburiyat bajarilmagan yoki mol-mulkning maqsadli vazifasi o‘zgartirilgan bo‘lsa, bino va yerlarni davlatga qaytarish taklif etildi. Tashabbus hali qabul qilinmagan va qonun loyihasini tayyorlash bosqichida.

Marat AkhmetovРедактор