Shavkat Mirziyoyev 2026-yil oxirigacha suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni rejalashtirilgan 520 ming tonnadan 606 ming tonnagacha oshirishni topshirdi, deb xabar berdi O‘zbekiston prezidentining rasmiy sayti.
Bu qaror ichki bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash, yetkazib berishdagi uzilishlar xavfini kamaytirish hamda narxlarning asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.
Avgust oyida 27 ta quduqni ishga tushirish rejalashtirilgan. “Yangi Kultak”, “Niyoz”, “Qoratov”, “Marvarid” va “Tegirmon” konlaridagi ishlar qo‘shimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib olish imkonini beradi.
Prezident quduqlarni burg‘ilashdan tortib ularni gaz transporti tizimiga ulashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni har kuni nazorat qilishni talab qildi. Elektr ta’minoti va ishlab chiqarish infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlash ham topshirildi.
Hududlar zarur hajmdagi uglevodorod resurslarini o‘z vaqtida olishi kerak. Buning uchun korxonalar zaxiralarni oldindan shakllantirishi hamda qazib olish, tashish va sotish ishlarini muvofiqlashtirishi lozim.
Narxlarni barqaror saqlash uchun yetarli taklifni ta’minlash, mahsulotni talabdan kelib chiqib birja savdolariga chiqarish va ishlab chiqarish hamda logistika xarajatlarini kamaytirish rejalashtirilgan. Yetkazib berishni asossiz cheklash, sun’iy taqchillik yaratish va narxlarni oshirishga qaratilgan urinishlarni to‘xtatish topshirildi.
Mas’ullar ichki bozor ehtiyojlarini har kuni tahlil qilishi, yetkazib berish xavflarini oldindan aniqlashi va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishi kerak.








