2026-yilning birinchi yarmida Ombudsman ko‘magida fuqarolar foydasiga 26 milliard 849 million so‘m undirildi yoki undirilishi belgilandi, deya xabar berdi institut matbuot xizmati.
Olti oyda Ombudsmanga 10 468 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 28,4 foizi iqtisodiy, 21,8 foizi ijtimoiy, 21,7 foizi shaxsiy huquqlarga, 12 foizi esa harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash sharoitlariga oid bo‘lgan.
Murojaatlar va monitoringlar yakunida davlat organlari, tashkilotlar hamda sudlarga 70 ta ta’sir chorasi kiritildi: 27 ta da’vo arizasi, 18 ta xulosa, 17 ta taqdimnoma, yettita talabnoma va bitta ogohlantirish. 12 holatda jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Umumiy summaning 25 milliard 937 million so‘mi ish haqi va mehnat munosabatlariga to‘g‘ri keladi. Qarz hamda zararlarni qoplash bo‘yicha yana 304,6 million so‘mdan ortiq, aliment sifatida 435,9 million so‘m undirildi; fuqarolarning 171,2 million so‘mlik asossiz qarzi hisobdan chiqarildi.
Shikoyatlar bo‘yicha 14 nafar mas’ul xodim intizomiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortildi. Zo‘ravonlikdan jabrlangan sakkiz nafar ayolga himoya orderi berildi, besh nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Ombudsman va jamoatchilik guruhlari yopiq muassasalarga 521 marta tashrif buyurdi. Tekshiruvlardan so‘ng 23 ta ta’sir chorasi kiritildi; 13-sonli koloniyadagi xonalar va Toshkent viloyatidagi vaqtincha saqlash hibsxonalarini ta’mirlash uchun jami 472,6 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutildi.
Yopiq muassasalardagi shaxslar, ularning yaqinlari va advokatlardan 1 227 ta murojaat kelib tushdi. Prokuratura tekshiruvlaridan keyin jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi beshta muddatidan oldin qabul qilingan qaror bekor qilindi, mahkumlarning 12 ta oilasiga iqtisodiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.








