Iqtisodiyot

Yangihayot tumanida 10 gektarlik maxsus texnika zavodi rejalashtirildi

Yangi maydon yiliga 15–18 mln dollarlik mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirishi kerak.

Shavkat Mirziyoyev Nurafshondagi zavodda ARSLON zirhli mashinasini ko‘zdan kechirmoqda

Toshkentning Yangihayot tumanida 10 gektar hududda maxsus texnika zavodi qurilishi rejalashtirilmoqda, deya O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi maydonda yiliga 15–18 mln dollarlik mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Rasmiy xabarda qurilish qiymati, ishga tushirish muddati va kelajakdagi ish o‘rinlari soni ko‘rsatilmagan.

Loyiha Shavkat Mirziyoyevning amaldagi «Nurafshon maxsus texnika» korxonasiga tashrifi chog‘ida taqdim etildi. Ushbu zavod 25,8 gektarni egallaydi, amalga oshirilgan loyihaning qiymati esa 50 mln dollarni tashkil etgan.

Korxonada KRANTAS brendi ostida maxsus avtomobillar, harbiy texnika va mexanizmlar ishlab chiqariladi. Bu yerda 300 nafardan ortiq mutaxassis ishlaydi, uskunalar va texnologiyalar AQSH, Germaniya, Italiya, Shvetsiya, Rossiya, Xitoy va Turkiya kompaniyalaridan keltirilgan.

Tashrif vaqtigacha zavod qariyb 2,5 ming tonna metall konstruksiya, 300 dan ortiq avtomobil ustqurmasi, 200 dan ziyod shassi va 20 ta traktor ishlab chiqargan.

Korxona 2025-yilda 275 mlrd so‘mlik mahsulot yetkazib bergan. Bu ko‘rsatkichlar Nurafshondagi amaldagi zavodga tegishli bo‘lib, Yangihayot tumanidagi bo‘lajak maydonning loyiha quvvati hisoblanmaydi.

Rustam AbduazizovРедактор