2026-yilning birinchi yarmida Toshkentning yalpi hududiy mahsuloti 226 trln so‘mga yetib, 13,3% o‘sdi, deya xabar berdi shahar hokimligi matbuot xizmati.
O‘sish prognozi 11,2% etib belgilangan edi. Poytaxt yalpi hududiy mahsulot o‘sishi bo‘yicha mamlakat hududlari orasida eng yuqori natijani qayd etdi.
Sanoat ishlab chiqarishi 8% oshib, 109,6 trln so‘mni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha belgilangan prognoz bajarildi.
Olti oyda shaharda 4,3 mlrd dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p. Umumiy qiymati 657,5 mln dollar bo‘lgan 249 ta investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 9,8 mingta ish o‘rni yaratildi.
Eksport 43% oshib, 1,5469 mlrd dollarga yetdi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 77 ta loyiha amalga oshirilib, 4,9 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi — reja 148% bajarildi.
Mahalliylashtirish loyihalari doirasidagi mahsulot eksporti yana 121,6 mln dollarni tashkil etdi. Hokimlik keltirilgan ko‘rsatkichlarni hisoblash usulini aniqlashtirmagan.








