Iqtisodiyot

Tarif komissiyasi energiya kompaniyalari uchun elektr va gaz narxini oshirdi

Yangi narxlar faqat korxonalar o‘rtasida amal qiladi, aholi va biznes uchun tariflar o‘zgarmadi.

Farg‘onadagi elektr uzatish liniyalari

1-avgustdan O‘zbekistonda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash, shuningdek gazni yetkazib berish bo‘yicha yangi ulgurji tariflar amal qilmoqda.

Narxlar faqat energetika sektori korxonalari o‘rtasidagi hisob-kitoblarda qo‘llanadi. Aholi va biznes uchun chakana narxlar o‘zgarmadi.

Elektr energiyasini ishlab chiqarish narxi avval e’lon qilingan 9% o‘rniga 8%, uzatish 30% o‘rniga 18%, taqsimlash esa 10% o‘rniga 4% oshdi. Gazni taqsimlash tarifi e’lon qilingan 23% o‘rniga 28% ko‘tarildi.

O‘zgarishlar tartibga solinadigan aktivlar bazasining xalqaro RAB tizimiga o‘tish doirasida amalga oshirildi. Keyingi indeksatsiya 2027-yilning birinchi yarmiga rejalashtirilgan, komissiya esa energiya kompaniyalari ko‘rsatgan xarajatlarni alohida tekshiradi.

Elektr stansiyalari tariflari turlicha: «O‘zbekgidroenergo» uchun 1 kVt·soatga 522 so‘m, Tolimarjon IES uchun 579 so‘m, Taxiatosh IES uchun 957 so‘m va Toshkent IES uchun 1 126 so‘m belgilangan.

Elektr energiyasini «O‘zbekiston MET» tarmoqlari orqali uzatish narxi 1 kVt·soat uchun 98 so‘m. Hududiy taqsimlash tariflari Qashqadaryo viloyatidagi 171 so‘mdan Qoraqalpog‘istondagi 410 so‘mgacha yetadi.

Gaz sektorida UzGasTrade kompaniyasidan «Hududgazta’minot» uchun ming kub metr gaz QQS bilan 1,39 mln so‘m, «O‘ztransgaz» ehtiyojlari uchun esa 1,6 mln so‘m turadi. «O‘ztransgaz» orqali tashish ming kub metr uchun 195 ming so‘m, «Hududgazta’minot» xizmatlari esa 240 ming so‘m etib belgilangan.

Rustam AbduazizovРедактор