Iqtisodiyot

Rossiya O‘zbekistondagi besh eksportchi mahsulotlariga cheklov qo‘yadi

Chora 23-iyuldan kuchga kiradi. Yil boshidan buyon 132 ta karantin obyekti aniqlangan.

Sabzavot va mevalar, illyustrativ surat

Rossiya 23-iyuldan O‘zbekistondagi besh eksportchining karantin nazoratidagi mahsulotlarini olib kirishni cheklaydi, deb xabar berdi Rosselxoznadzor.

Gap fitosanitariya talablarini eng ko‘p buzgan yetkazib beruvchilar haqida bormoqda. Idora xabarida ushbu kompaniyalarning nomlari ko‘rsatilmagan.

Ular yetkazib beradigan mahsulotlarning asosiy qismini oq va gulkaram, piyoz, ukrop, petrushka, uzum, lavlagi hamda pomidor tashkil etadi. Cheklov faqat shu ro‘yxatdagi mahsulotlarga emas, eksportchilarning karantin nazoratidagi mahsulotlariga tatbiq etiladi.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon O‘zbekistondan kelgan yuklarda 132 ta karantin obyekti aniqlangan.

Ular orasida pomidor mevasining jigarrang bujmayish virusi, Janubiy Amerika pomidor kuyasi, g‘arbiy gul tripsi va lavlagi tomirlarining nekrotik sarg‘ayish benivirusi bor.

Rosselxoznadzor qarorni karantin organizmlarining Rossiyaga kirishi va mamlakat hududida tarqalishining oldini olish zarurati bilan izohladi.

Rustam AbduazizovРедактор