O‘zbekistonda yil boshidan budjetning soliq tushumlari 27 foizga oshib, 130 trln so‘mga yetdi. Qo‘shimcha tushumlar esa 12 trln so‘mni yoki yillik rejaning 40 foizini tashkil etdi.
Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev hududiy hokimiyatlarning mahalliy korxonalar bilan ishlashini kuchaytirishni talab qildi. Shuningdek, tadbirkorlar uchun jarimalar va majburiy to‘lovlarni kamaytirish choralarini tayyorlash topshirildi.
Buxoro viloyati hokimining iqtisodiyot va moliya bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Botir Ahmedov qoniqarsiz ko‘rsatkichlar sabab lavozimidan ozod etildi. Viloyatda aylanmasi 100 mln so‘mdan oshadigan 162 korxona uch yil davomida zarar ko‘rsatib, foyda solig‘ini to‘lamagan.
Buxoro viloyatidagi yana 1 500 QQS to‘lovchisi faqat soliq chegirmalarini rasmiylashtirgan. 1 iyuldan 498 yirik kompaniyani kuzatib borish soliq mutaxassislariga topshirildi; mahalliy amaldorlardan biznes bilan bevosita ishlash talab qilindi.








