Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida asosiy kapitalga investitsiyalar 338,9 trln so‘mga yetdi.
Ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 17,5 foizga oshdi. Hisobga iqtisodiyot va ijtimoiy sohani moliyalashtirishning barcha manbalari kiritilgan.
Eng ko‘p mablag‘ ishlab chiqarish sanoatiga — 100,5 trln so‘m yo‘naltirildi. Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga 32,9 trln so‘m, qurilishga 32,5 trln so‘m ajratildi.
Elektr va gaz ta’minoti, bug‘ bilan ta’minlash hamda havoni konditsiyalashga 29,9 trln so‘m sarflandi. Uy-joy qurilishiga 27,3 trln so‘m, tog‘-kon sanoatiga 21,8 trln so‘m to‘g‘ri keldi.
Tashish va saqlashga 16,3 trln so‘m, savdo va transport vositalarini ta’mirlashga 13,7 trln so‘m, suv ta’minoti va chiqindilar bilan ishlashga 7,4 trln so‘m yo‘naltirildi.
Ta’limga 7,2 trln so‘m, axborot va aloqa sohasiga 5,8 trln so‘m, yashash va ovqatlanish xizmatlariga 5,6 trln so‘m investitsiya kiritildi.
Professional, ilmiy va texnik faoliyatga hamda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarga 4,6 trln so‘mdan ajratildi. Moliya va sug‘urta sohasi 2,4 trln so‘m, san’at, ko‘ngilochar va dam olish sohasi 2 trln so‘m oldi.








