O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirishga $463 mln yo‘naltirish rejalashtirilmoqda, bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Chora-tadbirlar 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan. Mamlakatning yillik go‘shtga ehtiyoji 2,15 mln tonnani tashkil etadi, ishlab chiqarish esa qariyb 1,6 mln tonna. Yangi loyihalar va ixtisoslashgan tumanlarni qo‘llab-quvvatlash hisobiga qo‘shimcha 190 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Faoliyati to‘xtagan 103 ta chorvachilik korxonasini tiklash taklif qilindi. Ularning qarzlari restrukturizatsiya qilinishi yoki o‘n yilgacha bo‘lib to‘lashga ruxsat berilishi, shuningdek ozuqa yerlari va naslli chorva ajratilishi mumkin. Natijada 33 ming bosh qoramol boqilib, yiliga 12 ming tonna go‘sht va 40 ming tonna sut ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
Mo‘g‘ulistondan 150 ming bosh qo‘y, Xitoy va Yevropa mamlakatlaridan 100 ming bosh naslli qoramol, Belarusdan yana 2 ming bosh chorva import qilish rejalashtirilgan. Bu yiliga qo‘shimcha 44 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkonini berishi kutilmoqda.
O‘zbekiston chorvadorlari uyushmasini tuzish taklif qilindi. U xo‘jaliklar manfaatlarini himoya qilishi, kooperatsiya va naslchilikni rivojlantirishi, moliyalashtirish hamda tashqi bozorlarga chiqishga ko‘maklashishi kerak. Smart Fermer ilovasi orqali fermerlar chorvani identifikatsiya qiladi, veterinar chaqiradi, subsidiya uchun ariza beradi hamda oziqlantirish va yaylovlar bo‘yicha tavsiyalar oladi.
Parrandachilikda 2028-yilgacha $432 mlnlik loyihalar rejalashtirilgan. Ular qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish, omixta yem quvvatini 3,3 mln tonnagacha oshirish va zamonaviy sanoat usulidagi so‘yish ulushini 20%dan 50%gacha kengaytirishi kerak.
Shavkat Mirziyoyev loyihalarning iqtisodiy samaradorligini baholash, mablag‘larni manzilli yo‘naltirish va raqamli hisobni joriy etishni topshirdi.








