Iqtisodiyot

O‘zbekistonda banklar froddan zararni qoplashi mumkin

Majburiyat kiberxavfsizlik talablari buzilganda yoki shubhali operatsiyalar to‘xtatilmaganda yuzaga keladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi deputatlar

O‘zbekistonda moliya tashkilotlari mijozlarga yetkazilgan zararni qoplashini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda, deya xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.

Hujjat kiberxavfsizlikni ta’minlash va raqamli muhitdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Deputatlar uni moddama-modda ko‘rib chiqmoqda.

Ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida ayrim normalar deputatlarning takliflari va huquqni qo‘llash amaliyoti asosida qayta ko‘rib chiqildi.

“To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, kiberxavfsizlik talablari bajarilmagani yoki shubhali operatsiyalarning oldini olish choralari ko‘rilmagani sabab fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni banklar, to‘lov tizimi operatorlari yoki to‘lov tashkilotlari qoplashi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, masofaviy davlat xizmatlari tizimidagi shaxsiy akkauntlar yoki abonent qurilmalarining identifikatsiya modullarini g‘arazli maqsadlarda boshqa shaxslarga berish uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif qilinmoqda.

Boshqa shaxsning akkaunti yoki abonent raqamidan noqonuniy foydalanish uchun ham javobgarlik belgilash rejalashtirilgan. Normalar hozircha qonun loyihasi bosqichida va kuchga kirmagan.

Rustam AbduazizovРедактор