O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov YEOII davlatlariga qo‘shma sanoat kooperatsiyasi dasturini yaratishni taklif qildi, deb yozadi Open.kg.
Dasturga aniq loyihalar, ishlab chiqarish maydonchalari, hamkor kompaniyalar va moliyalashtirish mexanizmlarini kiritish taklif etilmoqda. Toshkentda o‘tkazilgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasida erishilgan kelishuvlar unga asos bo‘lishi mumkin.
Yana bir tashabbus savdoni soddalashtirish uchun yagona raqamli makon yaratishni nazarda tutadi. Nazorat organlari ma’lumot almashishi, mamlakatlar esa elektron hujjatlarni o‘zaro tan olishi mumkin bo‘ladi.
Sanoatni yashil transformatsiya qilish uchun Aripov energiya samaradorligi va toza texnologiyalar bo‘yicha loyihalar portfelini shakllantirishni taklif qildi. Unga energiya iste’molini boshqarishda sun’iy intellekt yechimlari ham kiritilishi mumkin.
O‘zbekiston o‘zining raqamli bandlik platformasini YEOII tizimi bilan integratsiya qilishni ham muhokama qilishga tayyor. Bu mehnat mobilligini soddalashtirishi kutilmoqda; loyihani ishga tushirish yondashuvlari Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan kelishilishi rejalashtirilgan.
Turizm sohasida Toshkent transchegaraviy yo‘nalishlar va yagona tadbirlar taqvimini o‘z ichiga olgan “Markaziy Osiyo sayyohlik halqasi”ni rivojlantirishni taklif qildi.
O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi uch yillik qo‘shma tadbirlar rejasini yakunlamoqda. Kuzda Toshkentda ishchi guruh O‘zbekiston va YEOII texnik tartibga solish tizimlarini yanada yaqinlashtirish masalasini muhokama qilishi kerak.








