Ruminiyadagi yagona atom elektr stansiyasi — Cernavodă AES Dunay sathi pasaygani sababli to‘liq to‘xtashi mumkin. Daryo suvi reaktorlarni sovitish uchun ishlatiladi.
Ikki energoblokdan biri 28-iyuldan beri ishlamayapti. Suv sathi pasayishda davom etsa va gidrologik prognoz yaxshilanmasa, ikkinchi blok 13-avgust ertalab to‘xtatilishi mumkin.
AES odatda mamlakat elektr energiyasining qariyb 20 foizini ta’minlaydi. Har ikki blokning to‘xtashi Ruminiyaning elektr importi va gazda ishlab chiqarishga qaramligini oshiradi.
Sovitish tizimiga suv yetkazish uchun daryo o‘zani chuqurlashtirilmoqda, tubdagi to‘siqlar olib tashlanmoqda va tosh ortilgan barjalar o‘rnatilmoqda. Bu choralar suv sathini vaqtincha ko‘tardi, ammo barqaror natija bermadi.
Harbiylar ham suv ostida portlatish ishlarini o‘tkazib, qoyatosh to‘sig‘ini olib tashlash va suvni sovitish kanaliga yo‘naltirish uchun 180 kilogramm portlovchi moddadan foydalandi.
Issiq va suv tanqisligi fonida mamlakatda energetik tayyorgarlik rejimi amal qilmoqda. Aholi va korxonalar kechki payt elektr iste’molini ixtiyoriy ravishda kamaytirishga chaqirildi.








