Toshkent va Nurafshon o‘rtasida zamonaviy poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi, poytaxt bilan Toshkent viloyatini bog‘lovchi jamoat transporti yo‘nalishlari esa kengaytiriladi, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
Qaror viloyatni Toshkent bilan yagona iqtisodiy va transport makoni sifatida rivojlantirishga qaratilgan. Poyezdlar qachon ishga tushirilishi va yangi yo‘nalishlar ro‘yxati hozircha ma’lum qilinmagan.
Shavkat Mirziyoyev transport rejalari haqida 22-iyul kuni Nurafshondagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Toshkent viloyati jamoatchiligi bilan uchrashuvda ma’lum qildi. Tadbirda katta avlod vakillari, yoshlar va hudud faollari qatnashdi.
Toshkent viloyati O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining qariyb 10 foizini beradi. So‘nggi besh yilda hududga 16 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan.
Viloyatda xorijiy kapital ishtirokidagi qariyb 3 mingta korxona faoliyat yuritmoqda, eksport hajmi esa 3 milliard dollarga yaqinlashgan. Prezident hududni mamlakat iqtisodiyotining tayanch nuqtalaridan biri deb atadi.
Nurafshon O‘zbekistonda “aqlli shahar” modeli asosida barpo etilayotgan birinchi shahar sifatida rivojlantirilmoqda. Raqamli boshqaruv, intellektual transport, energiya tejovchi texnologiyalar va ekologik infratuzilma bu yerda yagona tizim sifatida ishlashi ko‘zda tutilgan.
Shaharda 35 gektar maydonni egallaydigan Kelajak texnologiyalari markazining tamal toshi qo‘yildi. Unda sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishidagi ilmiy-tadqiqot markazlari hamda yuqori texnologiyali laboratoriyalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Nurafshonda 1 ming o‘rinli Madaniyat saroyi, Sun’iy intellekt markazi, Axborot-resurs kutubxonasi, Kasblar markazi va Badiiy akademiyaning viloyat bo‘limini o‘z ichiga olgan Yoshlar shaharchasi ham qurilmoqda.
“Nurafshon Business City” loyihasi 700 o‘rinli va 10 gektar maydondagi tibbiyot markazini o‘z ichiga oladi. Unda telemeditsina va robototexnika yordamida 60 dan ortiq turdagi tibbiy xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan; bundan tashqari, Sharq bozori, hunarmandlar ko‘chalari va amfiteatrga ega turistik-madaniy majmua qurilmoqda.








