Texnologiyalar

AQSh sudi Meta, TikTok, Snap va Google’ga qarshi da’volarni to‘xtatmadi

Jismoniy shaxslar, hokimiyatlar va maktab okruglarining minglab talablari bitta federal ishga birlashtirilgan.

San-Fransiskodagi AQSh To‘qqizinchi okrugi joylashgan Jeyms Brauning sud zali

AQShning To‘qqizinchi okrug apellyatsiya sudi Meta, TikTok, Snap va Google mahsulotlari voyaga yetmaganlarda qaramlik keltirib chiqargani haqidagi da’volarni hozirgi bosqichda tugatishni rad etdi, deya xabar berdi TechCrunch.

Da’vogarlar kompaniyalar qaramlik keltirib chiqaruvchi yechimlardan ataylab foydalangani va bolalar uchun ular bilan bog‘liq xavflar haqida jamoatchilikni ogohlantirmaganini da’vo qilmoqda.

Platformalar AQSh qonunchiligining foydalanuvchilar joylagan materiallar uchun ularning javobgarligini cheklovchi 230-bo‘limiga tayandi. Ularning fikricha, bu himoya xizmatlar dizayniga oid e’tirozlarga ham tatbiq etilishi kerak.

Sud bu vajni mazmunan ko‘rib chiqmadi va bunday apellyatsiya odatda sud muhokamasidan keyin berilishini qayd etdi. Shu sababli qaror kompaniyalarning javobgarligini belgilamaydi, balki jarayonlarni davom ettirishga imkon beradi.

Jismoniy shaxslar, shtat va mahalliy hokimiyatlar, shuningdek maktab okruglari bergan minglab da’volar bitta federal ishga birlashtirilgan.

Aziz HamrayevШеф-редактор