Anthropic bahorda robotlar uchun dasturiy ta’minot ishlab chiquvchi Physical Intelligence kompaniyasini sotib olish imkoniyatini muhokama qilgan, deya xabar berdi TechCrunch The Information ma’lumotiga tayanib.
Ehtimoliy bitim texnologiya blogeri Robert Scoble’ning posti ortidan yana muhokama qilina boshladi. Physical Intelligence rahbari Karol Hausman xodimlarga hozirgi xarid haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan, deyiladi shu maqolada.
Physical Intelligence robotlarni boshqarish uchun universal modellar ishlab chiqadi. Startap 1 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ jalb qilgan va bahorda 11 milliard dollarlik bahoda yana 1 milliard dollar investitsiya olish bo‘yicha muzokara olib borgan.
Anthropic’ning o‘z apparat laboratoriyasi yo‘q, ammo kompaniya Claude’dan robototexnikada foydalanishni o‘rganmoqda. Project Fetch loyihasida model maxsus tayyorgarligi bo‘lmagan odamlarga robot-itni dasturlashda yordam bergan.
Tomonlar kelishuv haqida e’lon qilmagan, bahordagi muloqot esa muzokaralar hozir ham davom etayotganini tasdiqlamaydi. Shu sababli gap yakunlangan xarid emas, avval bo‘lib o‘tgan muhokamalar haqida ketmoqda.








