Toshkentda 22-iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanining ayrim hududlarida tabiiy gaz ta’minoti vaqtincha cheklandi, deya Hududgaz Poytaxt xabar berdi.
«Oltintepa» mahallasida gaz soat 10:00 dan 17:00 gacha o‘chiriladi. Yunusobod tumanidagi 10-mavzeda joylashgan gaz taqsimlash punktida ishlar soat 09:00 dan 19:00 gacha olib boriladi.
Yunusobodda cheklov 6–19-dahalardagi ko‘p qavatli uylar, shuningdek, «Kulolqo‘rg‘on», «Yo‘lariq», «Turkiston» va «Bobodehqon» mahallalaridagi xonadonlarga taalluqli. Moyqo‘rg‘on va Binkat ko‘chalaridagi uylar ham ro‘yxatga kiritilgan.
Ta’mirlash hududidagi korxonalar va boshqa yirik iste’molchilar ham vaqtincha gazsiz qoladi. «Bodomzor», «Minor», «Yangiariq» va «Usta Shirin» ham kiradigan 19 ta mahallada gaz bosimi pasayishi mumkin.
Rejali ta’mirlash ishlari yakunlangach, tabiiy gaz ta’minoti tiklanadi. Kompaniya aholidan vaqtinchalik cheklovlarni hisobga olishni so‘radi.








