Oliy Majlis Senati Samarqand shahri chegaralarini kengaytirish va Samarqand tumanini tugatishni ma’qulladi, bu haqda qarorda qayd etilgan.
Shahar tarkibiga 17 226,5 gektar yer qo‘shiladi. Senatorlar bahosiga ko‘ra, chegaralar o‘zgargach Samarqand aholisi 880 ming nafarga yetadi.
Tugatiladigan Samarqand tumanining yana 28 295 gektar hududi Toyloq tumaniga o‘tkaziladi. O‘zgarishlar Oqdaryo va Pastdarg‘om tumanlari chegaralariga ham taalluqli.
O‘tkaziladigan 6 263 gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining toifasi o‘zgarmaydi. Senat buni ekin maydonlari va ekologik muvozanatni saqlash zarurati bilan izohladi.
Hududni kengaytirish aholi zichligini kamaytirishi, transport infratuzilmasini yaxshilashi va tirbandliklarni qisqartirishi kutilmoqda. Yangi hududlarda sanoat zonalari, texnoparklar, korxonalar, xizmat ko‘rsatish, turizm va qurilish sohalarini rivojlantirish rejalashtirilgan.
Loyiha Senatda ko‘rib chiqilishidan oldin mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda shahar, tuman va viloyat xalq deputatlari Kengashlari yig‘ilishlarida ma’qullangan.
Muhokamadan so‘ng senatorlar tegishli qarorni qabul qildi. Uni amalda bajarish Samarqand va qo‘shni tumanlarning ma’muriy chegaralarini o‘zgartirishni talab qiladi.








